Yangi O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasi – xalq irodasining ifodasidir

    27-iyul kuni tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal demokratik partiyasi tashabbusi bilan Xalq deputatlari Angren shahar Kengashi kotibiyati tomonidan "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda "Yangi O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasi – xalq irodasining ifodasidir" va "Mustaqillikning 31 yillik davrdagi yutuqlari" shiorlari ostida davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirni o'tkazishdan asosiy maqsad - konstitutsiyaviy islohotlarning va mustaqillik tushunchasi mazmun-mohiyati to'g'risida hamda Konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha o'tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga, partiya a'zoligiga kirishga targ'ib qilishdan iboratdir.

    Tadbirda "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ Bosh direktori G'.Ibragimov, Toshkent viloyati Kengashi kotibiyati mudiri O.Anarov hamda Toshkent viloyati Kengashi deputati V. Li va O'zLiDeP shahar kengashi apparati rahbari M.Narbayeva so'zga chiqishdi.

    - Yagona qomusimiz bo'lgan Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha qo'shimcha va o'zgartirishlar mamlakatimizning 14 ta hududiy birligidan iborat davlatni, millati va elatidan qat'i nazar, yagona va qudratli xalqimizni yanada jipslashtiradi hamda ulug'vor maqsadlar sari safarbar etadi, - deydi "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ Bosh direktori G'ulomjon Ibragimov. – Shu bois barcha korxonamiz ishchi-xodimlarini konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman.

    Shuningdek, so'zga chiqqanlar asosiy qomusimizning 64 ta moddasiga o'zgartirishlar kiritilishi hamda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar bo'yicha ma'lumot berib o'tishdi.

    Uchrashuvda Konstitutsiyaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish yuzasidan korxonaning ishchi-xodimlari ham o'z takliflarini berishdi.

    Muhokamada ta'kidlanganidek, bu o'zgartirish va qo'shimchalar Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma'noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo'lishiga xizmat qiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech