8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami butun dunyoda ayollarga ehtirom, hurmat va e’zoz ko‘rsatish ramzi sifatida keng nishonlanadi

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XKda ham nafosat bayrami munosib nishonlandi. Erta tongdan musiqa sadolari ostida korxonada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar tantanali ravishda kutib olindi. Sho‘x musiqa sadolari ularga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Sho‘x kuy-sadolar korxona ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bayram tantanalariga ulanib ketdi. Bayram tantanasini korxonaning bosh direktori G‘ulomjon Inomovich Ibragimov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Tabrik davomida barcha ayol ishchi-xodimlarga samimiy tilaklar bildirildi. Shuningdek, bayram arafasida o‘tkazilgan ”Zakovat“ intellektual turnirida g‘olib bo‘lgan jamoalar a’zolari hamda volleybol va basketbol musobaqalari g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Angren madaniyat saroyi san’atkorlari tomonidan taqdim etilgan bayram dasturi va ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlar barcha bayram qatnashchilariga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Quvonarlisi, to‘kin dasturxon atrofidagi diltortar suhbatlar tafti kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushgan opa-singillarimizning quvonchiga sabab bo‘ldi. Bayram sovg‘asi sifatida taqdim etilgan bahoriy guldastalarni munis ayollarimiz mamnuniyat bilan qabul qilishdi.

Bu kabi o‘tkazilayotgan bayramlar korxonamizda xotin-qizlarga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik namunasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech