"Maqsadim aniq: BRZ – men tanlagan yo'l...”

    Nishonov Abdusattor – Muhandislik mahsulotlari boshqarmasi muhandis-konstruktori:

    Bugun Mustaqillik tengdoshlari 31 yoshga to'ldi. Barchamiz suveren mamlakatda, mustaqil, hur O'zbekistonda tug'ildik va voyaga yetdik. Kindik qonimiz to'kilgan Vatan deb O'zbekistonni tilga olamiz.

    Biz Alloh nazari tushgan jannatmakon diyorda yashaymiz. Yurtboshimizning yurtparvarligi va Nuroniy otaxonlarimiz, kayvoni onaxonlarimizning duosi sabab mustaqil O'zbekistonda hammamiz tinch-xotirjam yashayapmiz va o'zimizni xavfsiz his qilamiz. Bepul ta'lim va sifatli bepul tibbiy xizmatning kafolatlanganligi konstitutsion haq-huquqlarimizning alohida e'tirofidir.

    Men bugun solih farzand, oila boshi, jamiyatning faol a'zosiman. Shu bilan birgalikda, "Birinchi rezinotexnika zavodi" MChJda muhandislik mahsulotlari boshqarmasida muhandis-konstruktor lavozimida ishlab kelmoqdaman. 2017-yili tanlov asosida men kabi bir guruh yoshlar Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirib qaytdik. Hozirgi kunda olgan bilim va tajribamizni korxonamiz rivoji yo'lida sarflamoqdamiz.

    Men bugun faxr bilan aytaman: korxonamizni, halol rizq topib mehnat qilayotgan maskanni o'z uyimdek yaxshi ko'raman, qadrlayman. Xodimlari oila a'zolarim kabi birdek qadrli. Bir kun ish joyimdan ayro bo'lsam, xuddi nimadir kamdek, qadrli narsamni yo'qotgan insondek sezaman.

    Yashirmayman, ish faoliyatimni boshlagan ilk kezlarim shunchaki vaqt o'tkazish uchun, havasga ishlaganman. Biroq o'tgan yillar davomida bu qarashlarim butkul noto'g'ri ekanligini his qildim. Inson qachonki ko'ngli xotirjam, atrofida yaxshi, qo'llab-quvvatlaydigan insonlar jam bo'lsagina o'ziga nisbatan ishonchi ortadi. Ish faoliyatida ham unum bo'ladi. Inson uchun eng muhimi ko'ngil xotirjamligi ekanligini 31 yoshga kirib anglab yetgan haqiqatim shu bo'ldi. Demak, tom ma'noda men faoliyat yuritayotgan korxona mening hayotiy qarashlarimni ijobiy tomonga o'zgartira olgan, hayotga bo'lgan intilishlarimni yanada orttira olgan qutlug'dargohdir.

    Xulosa qilib aytganda, "Birinchi rezinotexnika zavodi" MCHJ bilan bog'liq kelajak orzularim bisyor. Bundan bir necha yil oldin ushbu korxona ostonasiga ish topganiga xursand yigitcha qadam bosgan bo'lsa, bugun nigohlari tiyrak, maqsadi aniq, korxona rivoji yo'lida bor salohiyatini ishga solishga qodir kadr bo'y ko'rsatdi. Shunday imkoniyatlar bergan korxonamdan minnatdorman!

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech